2-Mavzu. Qadimgi va o`rta asrlarda  Janubiy va sharqiy Osiyo mamlakatlarida mafkuraviy yo`nalishlar va oqimlar

Reja:

1. Qadimgi sharq davlatlarida ilk siyosiy mafkuralarning shakllanishi va rivojlanishi.

2. Qadimgi Misrda siyosiy ta’limotlar.

3. Qadimgi Bobil (Vavilon)da siyosiy ta’limotlar. Hammurapi  qonunlaridagi siyosiy yea huquqiy g’oyalar.

 

1.Ma’lumki, insoniyat madaniy taraqqiyoti sarchashmalari dastlab qadimgi sharq mamlakatlari - Misr, Xitoy, Hindiston va boshqalarda keyinchalik qadimgi Yunonistonda paydo bo’lgan. Siyosiy ta’limotlar tushunchasi o’zining bugungi kundagi ma’nosiga turli xil jamiyatlar va davlatchilik shakllarining uzoq muddatli rivojlanishi mobaynida ega bo’lgan. Siyosiy ta’limotlarning nazariy bilim sifatida vujudga kelishi ilk afsonaviy tasavvurlarning bosqichma-bosqich rasionallashuvi mobaynida kechgan. Bu jarayonlarni bilishda, ayniqsa qadimgi Hindistonda yaratilgan "Veda" va "Upanishad"lar, Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy ma’naviy-tarixiy merosi bo’lmish "Avesto" asarlarida saqlanib qolgan ma’lumotlar g’oyat qimmatlidir.

Siyosiy tafakkurning paydo bo’lishi barcha qadimgi xalqlarda dastlabki diniy afsonalarga borib taqaladi hamda insonning dunyodagi o’rni haqidagi afsonaviy tasavvurlarga suyanadi. Faqat shartli ravishda siyosiy deb atash mumkin bo’lgan ushbu qarashlar o’z taraqqiyotining ilk bosqichida bir butun diniy-afsonaviy dunyoqarashning tarkibiy qismi hisoblanib, hali inson tafakkurining alohida shakli va ilmining alohida sohasiga aylanmagan edi.

Fazo, ibtidoiy betartibliklardan farqli o’larok, ma’lum bir tartibga solingan bo’ladi, afsonalarga ko’ra, bu tartib xudolar tomonidan o’rnatiladi. Yerdagi tartiblar (shu jumladan insonlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar tartibi ham) butun olam, ya’ni fazo tartibining hosilasi va ajralmas qismidir. Odatda, budiniy afsonalarda xudolar ishtirokida sodir bo’lgan voqyealar, xudolarning olamshumul ishlari haqidagi ma’lumotlar kishilar tomonidan albatta hisobga olinishi kerak bo’lgan me’yorlar tarzida hikoya qilinadi.

Yerdagi tartiblar, diniy afsonalarga ko’ra, xudolar tomonidan o’rnatilgan ilohiy umumfazo tartiblarining bir qismidir. Odamlar hayoti, yerdagi jamiyat va davlat qurilishi, kishilarning o’zaro munosabatlari hamda xudolar bilan munosbatlari, odamlarga nimalar ruhsat etilganiyu nimalar ta’qiqlangani singari deyarli barcha huquqva burchlar aynan shu tasavvur orqali tushuntirilgan.

Mavjud ijtimoiy va siyosiy-huquqiy tartiblarning ilk manbai bo’lmish ilohiylik qadimgi afsonalarning asosiy g’oyasi va mavzusidir. qadimgi xalqlarning afsonalarida bu ilohiylikning xususiyatlari, uning yerdagi tartib va munosabatlar bilan qanday aloqadorligi turlicha ifodalanadi. Bunday har xillik turli xalqlarning afsonalari paydo bo’lgan zamindagi mavjud ijtimoiy-siyosiy tartiblarning o’ziga xosligi bilan izohlanadi. Chunki afsonalar mavjud tuzumni, o’rnatilgan tartib-qoidalarni qullab-quvvatlovchi, ularni oqlovchi nuqtai nazar va ta’limot sifatida namoyon bo’ladi. Ma’lum bir afsonaviy qarash mavjud bo’lgan tegishli tartibni eng oliy, eng nufo’zli qoida sifatida ko’rsatadi, ayni paytda bu tartib qonuniyligi (legitimligi)ning daxlsiz amal qilishining ta’minlanishiga, tamoyil va me’yorlarining saqlanishiga xizmat qiladi.

Yerdagi hokimiyat va tartibning ilohiy ildizga egaligi haqidagi u yoki bu afsonaviy qarash tegishli davlat tuzilishini barcha uchun majburiy qolip sifatida namoyon etadi. Ayni damda u boshqacha tasavvurlar, qarashlar va nuqtai nazarlar shaklida biron-bir muxolifati bo’lmagan hukmron mafkura rolini ham o’ynaydi.

Turli afsonaviy qarashlar, eng avvalo tegishli ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish hamda turlicha boshqarish usullarini anglash va tushunishning afsonaviy shakli sifatida qiziqish uyg’otadi.

Bir qancha xalqlarning afsonalarida dastlab yerdagi tartiblar xudolar tomonidan o’rnatilgani va boshqarilgani haqida so’z boradi. Ularda aytilishicha, xudolar keyinchalik odamlarga boshqarish san’atini o’rgatishadi  va hokimiyatni yerdagi hukmdorlarga topshirishadi. Gerodotning "Tarix" asarida ma’lumot berilishicha, Misrning birinchi podshohi davridan to Gerodot Misrga tashrif buyurgan davr (eramizdan avvalgi V asr)gacha bo’lgan 11340 yil mobaynida yuqori martabali kohinlar va podshohlarning 341 avlodi o’tgan va bu vaqt ichida Misrni odamlar boshqargan. Bu davrgacha, kohinlarning aytishicha "Misrda xudolar hukmdorlik qilishgan, ular odamlar orasida yashashgan, xudolarning biri ularning eng qudratlisi hisoblangan". Xudolarni dastlabki hukmdorlar va qonun o’rnatuvchilar sifatida tasavvur qilish qadimgi Yunon afsonalariga ham xos bo’lgan. Kronos, Zevs, Afina singari xudolar hukmdorligi haqidagi afsonalar bunga misol bo’la oladi.

qadimgi Bobil va qadimgi hind diniy afsonalariga ko’ra, xudolar hukmdorlar hokimiyatining manbai bo’lish bilan birga yerdagi ishlar va kishilar taqdirini hal qilishda davom etganlar.

qadimgi yaxudiylarning diniy-afsonaviy qarashlari ham o’ziga xos bo’lgan. Ularning qarashlaricha, haqiqiy xudo butun yaxudiy xalqi bilan alohida bir shartnomaviy munosabatda bo’lib, u yaxudiy xalqining podshohi (oliy qonun chiqaruvchi hukmdori va sud hakami) hisoblanadi. yahudiylarning ilohiy qarashlariga ko’ra, yahudiy xalqining qonunlari Musoga (Moiseyga) bevosita xudo tomonidan berilgan. Bu yerda ta’kidlab o’tilgan hokimiyatning shartnomaviy xususiyati haqidagi tasavvurlar ayniqsa e’tiborlidir.

qadimgi Xitoy afsonasida ham yerdagi hokimiyatning kelib chiqishi ilohiyligi ilohiy xususiyatlarga ega ekanligi to’g’risida gap boradi. Unda aytilishicha, Osmonosti oliy hukmdorining (ya’ni Xitoy imperatorining) shaxsi, shaxsiy salohiyati va ichki quvvati ko’kdagi oliy kuchlar bilan aloqaning yagona vositasidir. qolgan barcha mansabdorlar va davlat ma’muriyati bor-yo’g’i imperatorning shaxsiy hokimiyati ko’makchilari deb hisoblangan.

Umuman olganda, yerdagi tartiblarining ilohiylik xususiyati haqidagi bunday qarashlar hokimiyat, boshqaruv, huquq, sudlov borasidagi keyingi birmuncha aniqroq dunyoqarashlarga asos bo’lib xizmat qilganini alohida ta’kidlash lozim.

 

2. Qadimgi Misrdagi kishilarning jamiyat va davlat xususidagi qarashlari, ularning umumiy dunyoqarashlari kabi, diniy-afsonaviy ko’rinishda bo’lgan. Plo’tarxning ta’kidlashicha, misrliklar Ra (quyosh xudosi)ni dunyoning yaratuvchisi deb hisoblashgan. Ra keyinchalik Osiris, Isida, Set va boshqa xudolarni hamda odamlarni yaratgan.

Qadimgi Misr diniy-afsonaviy qarashlariga muvofiq, Maat (Ma-at) xudosi haqiqat, adolat va odil sudlov timsoli sifatida namoyon bo’ladi. Sudyalar bu xudo tasvirini taqib yurishgan va o’zlarini Maat xudosi fidoiylari deb hisoblashgan. Fir’avn, kohinlar va zodagonlar hokimiyatining, shuningdek, rasman qullab-quvvatlangan urf-odatlar, qonunlar, sud qarorlari singari  o’sha davrning asosiy huquq manbalarining ilohiyligi— ularning barchasi Maat tartiblariga, ya’ni tabiiy-ilohiy adolat qoidalariga muvofiq ekanligidan dalolat bergan. Zero, "ma-at" tushunchasi ilohiy "adolat-hakiqat" ma’nolarini o’zidaifoda etgan.

Ilohiy adolatni yerdagi ijtimoiy-siyosiy tartiblar, qonunlar va insonlararo munosabatlar qoidalarining asosi sifatida ulug’lash bir qator qadimgi Misr manbalarida uchraydi. Eramizdan avvalgi XXVIII asrga mansub "Ptaxotep o’gitlari"da barcha ozod kishilarning tabiatan tengligi haqida tasavvurlar mavjud. Unda inson hulk-atvori tamoyillariga, ya’ni fozil va adolatli hulq atvorning o’ziga xos mezoniga muvofiq. bo’lishi zarurligi asoslanadi.

Qadimgi Misrda kohinlar oxirat — narigi dunyo haqidagi barcha narsalardan xabardor kishilar sifatida katta obru-e’tibor qozonishgan. shuning uchun ham ular eramizdan avvalgi XXV—XXIV asrlarda bitilgan "Murdalar kitobi"da oxiratda bo’ladigan sargo’zashtlar va oxirat sudi to’g’risidagi zarur bilimlarning sohiblari sifatida ulug’langanlar. shuningdek, asarda kohinlar fir’avnlarning ilohiyligi to’g’risida ta’limotlar yaratganlari, aholini quyosh xudosi — Ra farzandlari sanalmish fir’avnlarga qatiy itoat etishga chorlaganlari atroflicha yoritiladi.

"Gerakleopol shohi o’gitlari"(eramizdan avvalgi XXII asr oxiri)da xudolar va fir’avnning ilohiy hokimiyati sha’niga hamdu sano o’qish va ulug’lash bilan bir qatorda, odamlarni hyech qanday adolatsizlikka va qonunsizlikka yo’l qo’ymaslikka undovchi da’vatlar ham o’rin olgan. Faqat shundagina narigi dunyoda — oxiratda xudolar marhamatiga noil bo’lish mumkinligi aytiladi unda hukmdor "haqiqatni yaratuvchi" va adolatga intiluvchi inson sifatida tasvirlanadi. "O’gitlar" muallifi bo’lmish shoh Axtoy o’z vorisi bo’lgan o’g’liga murojaat qilar ekan: "A’yonlaringni o’stir (mansabda), shunda ular sening qonunlaringni oxirigacha bajaradilar", deb maslaxat beradi.

Yuqorida bayon etilgan adolat va qonunlar haqidagi fikr-mulohazalar qadimgi Misr jamiyatidagi hukmron sinflarning ko’p hollarda ideallashgan qarashlarini aks ettirardi. Ularda hukmdorlarning mavjud tartiblar ilohiy va adolatli ekanligi, bu tartiblarning mangu sobit va o’zgarmas ekanligini o’qtirishga bo’lgan intilishlari yaqqol sezilib turadi. Aslida esa voqye’lik bunday ideallashgan tasavvurlardan ancha yiroq edi. Jamiyatdagi quyi tabaqalarning aslzodalarga qarshi chiqishlari ham shundan guvohlik beradi. Masalan, "Ipuserning mulohazalari"da eramizdan avvalgi 1750 yillarda ro’y bergan mana shunday kurashlardan biri haqida hikoya qilinadi. Saroy a’yonlaridan bo’lgan Ipuser bu voqyeani "qonunsizlar" tomonidan uyushtirilgan "dahshatli o’zgarish" deb ataydi. U sud palatalari vayron qilingani, ularda saqlanayotgan qonunlar to’plami ko’chalarga uloqtirilgani va oyoq-osti qilingani xaqida afsuslanib yozadi.

Qisqacha aytganda, garchi qadimgi Misrda davlat va jamiyat haqidagi fikrlar, siyosiy qarashlar shakllangan ta’limot darajasiga ko’tarila olmagan bo’lsa-da, balki kishilarning ijtimoiy ruhiyatida ishonch, urf-odat, qarashlar sifatida amal qilgan.

3. Bobil tarixi Misr tarixiga nisbatan jangu jadallarga boyligi bilan ajralib turadi. Bu yerda dastlab kelib chiqishi noma’lum bo’lgan shumerlar hukmronlik qilishgan. Bu hududlarda turli xil mustaqil shahar-davlatlar joylashgan va ular ko’p zamonlar o’zaro kurashib kelgan. Bobil imperiyasi paydo bo’lgach, Bobil xudosi Marduk boshqa shahar xudolari orasida xuddi Yunon xudolari orasida Zevs ega bo’lgandek yuksak mavqyega erishgan1.

Eramizdan avvalgi II asrga kelib Bobilda ham qabul qilingan qadimgi shumer afsonasida shamash xudosi adolat rahnomasi va ojizlar himoyachisi sifatida tasvirlanadi. shamash xudosi yovuzlik va yomonlikni, yolg’on va adolatsizlikni qattiq qoralaydi va jazolaydi. Kimki "shamash stezi" — adolat, haqiqat va huquq yo’liga g’ov bo’lsa, o’sha davrdagi tasavvurlarga binoan, muqarrar og’ir jazoga yo’liqadi. "shamash stezi"ni bo’zish jinoyat sodir etishga teng hisoblanib, huquqbo’zarlikni bildirgan.

shumer va Bobil hukmdorlari hamda qonun chiqaruvchilari o’z hokimiyatlarining ilohiyligini, ular xudolarning o’zgarmas ilohiy ko’rsatmalariga va adolatga muvofiq ekanligini ta’kidlashgan.

Bu qarashlar eramizdan avvalgi XVIII asrdagi mashhur qadimgi Bobil siyosiy-huquqiy yodgorligi — Hammurapi qonunlarida o’zining batafsil ifodasini topgan. Ma’lumki, eramizdan avvalgi 1792-1750 yillarda hukmronlik qilgan Bobil podshohi Hammurapi Mesopotamiya janubini to’la egallab, Ossuriyani ham o’ziga bo’ysindiradi. Kuchli podshohlik hokimiyatiga ega bu qudratli davlatning yangi tuzilgan qonunlariHammurapi qonunlari degan nom olgan. Marduk xudosi ibodatxonasidagi tosh devorlarga o’yib yozilgan bu qonunlar asosida "qonga qon, jonga jon" tamoyilidagi semitik huquqiy  me’yorlar yozilgan1. Hammurapi qonunlari 280 paragrafdan iborat bo’lib, aholining ba’zi ozod tabaqalari ahvolini yaxshilashga intilishlar sezilib turadi. Masalan, qonunga ko’ra, o’zgalardan qarzdor bo’lib qolgan ozod kishilarni avvalgi paytdagidek qulga aylantirish mumkin emas edi.

Hammurapi qonunlarida sharhlangan adolat odamlarning ozod kishilar va qullarga bo’linishini, shuningdek, ozod kishilar ham o’zaro teng bo’lmagan turli tabaqalarga bo’linishini nazarda tutadi. Bobil jamiyatining ijtimoiy tarkibi quyidagicha ko’rsatilgan: teng huquqli erkin fuqarolar — jamiyat a’zolari; huquqiy erkin (ya’ni qul bo’lmagan), lekin jamiyat a’zosi hisoblanmaydigan, podshohlik xo’jaligida xizmatdagi teng huquqsiz odamlar; qullar. Chunonchi, qullar ham podsho qullari, ibodatxonalar qullari, xususiy egalikdagi qullar kabi toifalarga bo’linganlar. qullar, garchi ijtimoiy qatlamning eng quyi tabaqasinitashkil etsalar-da, Hammurapi qonunlarida quldorlarni xususiy mulk sifatida qattiq himoya qilinganlar.

Hammurapi qonunlarida harbiy jangchilarning alohida mavqyei rasmiylashtirilib qo’yilgan. Ular podshoh talabi bilan jangovar yurishlarga jo’nashga majbur bo’lishgan. Jangchilar xizmat evaziga davlatdan avloddan avlodga meros bo’lib utuvchi yer olishgan. Jangchi qarzdor bo’lib qolgan holda ham bu yerlarni undan tortib olish mumkin bo’lmagan. Ayni chog’da Hammurapi harbiylarning jangovar qobiliyatlarini mustaxkamlash maqsadida qattiq intizomiy choralarni ham belgilagan. Aytaylik, agar jangchi yurishlarda qatnashishdan bosh tortsa, o’lim jazosiga mahkum etilgan, unga berilgan barcha mol-mulklar tortib olingan yoki agar jangchi o’z o’rniga jangovar yurishlarga o’rinbosarini jo’natsa, bu holda ham unga o’lim jazosi tayinlangan va bor mol-mulki uning o’rniga jangga borgan o’rinbosari tasarrufiga o’tkazilgan va hokazo.

O’z qonunlarining yaratilishini xudolar amrining ijro etilishi bilan izohlagan Hammurapi shunday deydi: "Yer va ko’kning buyuk hakami shamash amriga binoan mamlakatda mening adolatim tantana qilguvchidir, mening panohim Marduk aytganidek, ushbu bitiklarimni o’zgartiruvchi va bekor qiluvchi topilmagaydir".