O’rta asrlar tarixi fani tarix ta’lim yo’nalishi talabalari uchun o’tiladigan asosiy mutaxassislik fanlaridan biridir. Mazkur fan ibtidoiy jamoa tuzumi davri tarixi, qadimgi dunyo tarixi fanlarining uzviy davomi hisoblanib, insoniyatning ancha uzoq davom etgan, tarixshunoslikda qabul qilingan xronologik ramkaga asosan, V-XVII asrlarning birinchi yarmigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Shunga ko’ra, o’rta asrlar tarixi ham insoniyat jamiyati tarixiy taraqqiyoti qonuniyatlarini o’rganishda alohida o’rin tutadi.